TOShKENT, 12 noya — Sputnik. Toshkentda sinov tariqasida shahar yo‘llarida tirbandlikka qarshi kurashishning yangi usuli joriy etildi. Bu chorrahalardagi “Vafel chizmalari”, deya xabar qilmoqda Toshkent shahar IIBB.
Ta’kidlanishicha, mazkur chizmani qo‘llash qarori qabul qilinishiga Singapurdagi muvaffaqiyatli tajriba sabab bo‘lgan. Chunki ushbu yangilik sababli Singapur hukumati yo‘llardagi holatni yaxshilanishiga erishgan.
Bir necha chorrahalarda paydo bo‘lgan yangi yo‘l chizmasi tashqi ko‘rinishi sababli xalq tilida “vafel chizmasi” deb nomlangan.
“Chizma yordamida harakat yo‘nalishida tirbandlik yuzaga chiqqan holatda chiqish mumkin bo‘lmagan hudud belgilab olinadi va haydovchi to‘xtashga majbur bo‘ladi. “Vafel chizmasi” YHQ bilan belgilangan ba’zi holatlarda o‘ng yoki chap tomonga burilishni taqiqlamaydi”, - deyiladi xabarda.
Chizma parallel kesishadigan sariq rangli diagonal chiziqlardan hosil bo‘lgan kataklar ko‘rinishiga ega. “Vafel chizmasi” mustaqil tarzda hamda chorrahaga yaqinlashish haqida ogohlantiruvchi yo‘l belgisi bilan birga qo‘llanilishi mumkin.
Hozirgi vaqtda sariq rangli kataklar Nukus ko‘chasining Bobur, Abdulla Qahhor, Glinka, Beshog‘och, Mirobod, Avliyo-Ota, Afrosiyob ko‘chalari bilan kesishmasida – jami ettita chorrahalarda chizilgan.
Yaqin kunlarda poytaxtning yana 18 ta chorrahalarida “vafel chizmalari”ni tashkil etish rejalashtirilgan.
Xabarda hozirda ushbu qoidabuzarlik uchun bayonnoma rasmiylashtirish ko‘zda tutilmayotgani qo‘shimcha qilingan. Ma’lum qilinishicha, haydovchilarga chizmaning talablarini o‘rganib chiqish uchun vaqt va unga ko‘nikish uchun imkoniyat beriladi.