TOShKENT, 10 noya – Sputnik. Bugungi muloqot ochiqlik va ishonchga asoslangan xaraterga ega bo‘ldi. Bu anjuman foydali, negaki ekspertlar hamkorlik muhitini, shuningdek, zarur jamoatchilik kayfiyatini shakllantirishga yordam beradilar, deya qayd etdi “Valday” klubining Osiyo anjumani davomida Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi elchisi Vladimir Turdenev.
“Valday” klubi hamda O‘zbekiston ekspertlari o‘rtasida imzolangan bitim, Turdenevga ko‘ra, Rossiya va O‘zbekiston jamoatchiligini bu aloqalardan yaxshiroq xabardor bo‘lishiga imkon yaratadi.
“Ekspertlar tomonidan aytiladigan fikrlar aholining u yoki bu guruhi fikrlariga tayanadi. Bu ma’lum ma’noda ikki mamlakat aholisi o‘rtasidagi o‘ziga xos fikr almashuvni yuzaga keltiradi”, - deya elchi so‘zlaridan keltiradi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Elchi, shuningdek, “Valday” klubining bugungi, Rossiya va O‘zbekiston aloqalariga bag‘ishlangan sessiyasida barcha sohalar: siyosiy, iqtisodiy, madaniy va gumanitar jabhalardagi munosabatlar muhokama etilganini qo‘shimcha qildi.
Turdenevning aytishicha, yaqin kelajakda O‘zbekistonda Rossiya oliy ta’lim muassasalari soni yanada kengayishi kutilmoqda va bu masala ham bugungi sessiyada muhokama etilgan.
“Ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish uchun ko‘p ishlar amalga oshirildi, ammo oldinda yanada ko‘proq ishlar bizni kutmoqda”, - deya o‘z nutqini yakunladi Rossiya elchisi.
Eslatib o‘tamiz, “Valday” klubining X Osiyo anjumani “Markaziy Osiyo va Yevroosiyo: global tartibsizliklar qarshisida ko‘pqirrali hamkorlik” mavzusida Samarqandda o‘tkazilmoqda.
Mintaqaviy hamkorlik masalalari va muammolarini muhokama qilish uchun 11 davlatdan 70 dan ortiq ekspertlar to‘plangan.