TOShKENT, 7 noya - Sputnik. O‘zbekistonda joriy yil o‘n oyi davomida 4951 nafar fuqarolikka ega bo‘lmagan shaxslar fuqarolikka qabul qilingan. Shularning 578 nafariga fuqarolikka qabul qilishda rad javob berilgan, dedi IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi rahbari o‘rinbosari Nodir Ziyayev. Sputnik O‘zbekiston muxbiri xabari asosida.
"Rad javobi turli sabablarga ko‘ra berilgan", - dedi umumiy qilib IIV vakili.
Ziyayevga ko‘ra, "rad javobi berilgani fuqarolik berilishi to‘liq to‘xtatildi, degani emas". Ziyayev rad javobini olgan fuqarolarga yana bir yildan keyin hujjat topshirishni maslahat berdi.
IIV axborotiga ko‘ra, 1991-yildan 2007-yilgacha O‘zbekistonda 482 nafar shaxsga fuqarolik berilgan bo‘lsa, shundan so‘ng 2016-yil dekabr oyigacha birorta shaxsga fuqarolik berilmagan.
Ammo endilikda vaziyat o‘zgarmoqda. Xususan, 2017-yildan shu bugungacha O‘zbekiston fuqaroligini olgan shaxslar soni 8 mingdan oshgan. "Bu ham muhtaram prezidentimizning tashabbusi bilan bo‘layapti", - deb qayd etdi IIV vakili.
Ta’kidlanishicha, yillar davomida rad javobi berilib kelayotgan fuqarolar, hech ham umidsizlikka tushmasliklari muhim, sababi, 2017-yildan shu kunga qadar 30 mingga yaqin fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar fuqarolikka hujjat topshirgan.
Ayni vaqtda O‘zbekistonda fuqarolikka ega bo‘lmagan shaxslar soni 49 228 nafarni tashkil etadi.