TOShKENT, 7 noyab - Sputnik. Yoshlar ijod saroyida kuni-kecha Respublika sardorlar forumining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Oliy majlis senati matbuot markazi xabar qiladi.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Oliy majlisi senati raisi Tanzila Narbayeva, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Alisher Sa’dullayev ochib berdi.
Qatnashchilar orasida Yoshlar ittifoqi va Respublika “Kamalak” bolalar tashkiloti faollari hamda OAV xodimlari.
Senat raisi: O‘zbekistonda rus tilini ommalashtirish ishlari keng targ‘ib etiladi
Forum davomida tashkilot sardorlarining faoliyati sarhisob qilindi. Yosh sardorlar o‘z hisobotlarida sohalaridagi yutuqlari, muammo va kamchiliklar hamda kelgusidagi maqsadlari xususida fikr-mulohazalarini bildirdi.
Oliy Majlis senati rahbari respublika “Kamalak” sardorlar forumida so‘zga chiqar ekan, yoshlarga murojaat qilib, ularni deputatlar va senatorlar bilan birga qonun ijodkorligi faoliyatida faol qatnashishga chaqirdi.
“Sizning fikrlaringiz tinglanishi, manfaatlaringiz hisobga olinishi muhim. Buning uchun O‘zbekiston yoshlar ittifoqi huzuridagi Yoshlar parlamenti faoliyatini tiklashni taklif qilaman”, – dedi Oliy Majlis Senati Raisi.
Jonli muloqot so‘ngida “Amir Temur” nomli ilk gologramma spektakli namoyish etildi.