TOShKENT, 6 noya – Sputnik. O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva Qozog‘iston Parlamenti a’zolari bilan uchrashdi.
Senat matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ikki tomonlama siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar munosabatlar sur’ati uzluksiz oshib bormoqda, bu esa ikki davlat manfaatlariga to‘liq javob beradi.
Qayd etilishicha, ikki mamlakat prezidentlari tomonidan 2020-yil oxirigacha ikki tomonlama savdo hajmlarini 5 mlrd. AQSh dollarigacha oshirish, savdoni diversifikatsiyalash, iqtisodiy kooperatsiya va investitsiyaviy hamkorlikning, shu jumladan, mintaqalararo hamkorlikning yangi uzoq muddatli shakllarini rivojlantirish vazifasi qo‘yilgan.
“Savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda O‘zbekiston-Qozog‘iston hamkorligi faollashganligini, shuningdek ikki mamlakat fuqarolarining o‘zaro safarlari ko‘payganligini inobatga olib, Tanzila Norboyeva konsullik sohasidagi ayrim masalalarni, jumladan, Qozog‘istonda O‘zbekiston fuqarolari bo‘ladigan muddatni uzaytirish masalasini qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi”, - deyiladi xabarda.
Uchrashuvda Senat rahbari ham ikki tomonlama aloqalarda, ham turli dolzarb masalalarni hal etishda parlament diplomatiyasi eng muhim tashqi siyosiy resurs sifatida e’tirof etilishini ta’kidladi.
Xabarda Norboyeva hududlarda faoliyat olib boruvchi deputatlar bilan hamkorlikni faol rivojlantirishni taklif qilgai qo‘shimcha qilingan. Ta’kidlanishicha, bu joylarda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Hozirda O‘zbekiston fuqarolarining Qozog‘istonda bo‘lish muddati 30 kunni tashkil etadi. Qozog‘iston fuqarolari esa O‘zbekistonda 90 kun bo‘lishlari mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Tanzila Norboyeva Qozog‘iston Parlamenti Senati raisi Dariga Nazarboyeva va Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Tokayev bilan uchrashgani xabar qilingan edi.