TOShKENT, 4 noya - Sputnik. Tez orada Toshkent teleminorasiga kirishda pasport tizimi bekor qilinishi kutilmoqda, deb xabar berdi poytaxt hokimligi Turizmni rivojlantirish departamenti axborot xizmati.
Toshkent teleminorasi 1991-yilda dunyoning eng ulkan minoralari federatsiyasi tarkibiga kirgan va 200 minoralar orasida 11-o‘rinni egallagan. Bugungi kunda minora Markaziy Osiyodagi yagona va eng baland bino hisoblanadi. Obyekt shu bois ham turistlarga gavjum.
Ma’lumki, Toshkent teleminorasi davlat ahamiyatiga molik strategik obyekt hisoblanib, uning ichiga kiraverishda shaxsni tasdiqlovchi hujjatni taqdim etish lozim. Ammo ba’zi hollarda turistlar bu yerga zarur hujjatsiz keladilar va shu bois, ularning minorani tashqi tomondan tomosha qilishdan boshqa ilojlari qolmaydi. Bu holat esa ko‘pincha turistlar noroziligini keltirib chiqaradi.
Poytaxtning turistik salohiyatini kengaytirish va turistik obyektlarni zamonaviy texnika bilan jihozlash natijasida, tez orada Toshkent teleminorasiga kirishda pasport rejimini bekor qilish rejalashtirilmoqda.