Butun dunyodan turistlarni o‘ziga ohanrabodek tortadigan Samarqandning qadimiy obidalari bo‘ylab yugurish, sog‘lom hayot tarafdorlari so‘zlariga ko‘ra, katta zavq bag‘ishladi.
Yarim marafonda tajribali sportchilar bilan bir qatorda havaskor yuguruvchilar ham ishtirok etishdi va o‘z imkoniyatlariga qarab - 21 kilometr va 10 kilometr masofaga yugurdilar. Ikki kilometrlik masofada ham o‘zini sinaganlar ko‘pchilikni tashkil etdi.
Yarim marafondan tushgan mablag‘ Toshkent teatrlarining birida amalga oshirilayotgan innovatsion loyihaga sarflanadi. Ushbu dasturga ko‘ra, ko‘zi ojiz yoki ko‘rish qobiliyati past bo‘lgan insonlar uchun O‘zbekistonda birinchi marta tiflosharhlash texnologiyasi qo‘llaniladi. Texnologiya ekranda, suratda yoki sahnadagi narsalar, ko‘rinish va voqealarni ovoz sifatida qisqa, lekin batafsil tushuntirib berishga imkoniyat yaratadi.
Yarim marafonning eng yorqin lahzalarini Sputnik O‘zbekiston muxbiri fotolentasida tomosha qiling.