TOShKENT, 31 okt – Sputnik. Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan yig‘ilishda makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, soliq-budjet siyosati va 2020-yilga mo‘ljallangan parametrlar ko‘rib chiqildi.
Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yig‘ilishda eksport tarkibi, tashqi bozordagi talab va mamlakat korxonalarining undagi o‘rni chuqur tahlil qilingan.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston eksportining 50 foizidan yuqorisini hanuzgacha gaz, oltin, kumush, mis, rux, polietilen kabi xomasholar tashkil etayotgani, arzon xomashyo mavjud bo‘lgan tarmoqlar bo‘yicha ishlab chiqarish va eksport yetarlicha yo‘lga qo‘yilmayotgani ko‘rsatib o‘tilgan.
Masalan, mamlakatda charm-poyabzal eksporti bo‘yicha kamida 1,5 milliard dollarlik salohiyat bo‘lsa-da, hozirda bu boradagi ko‘rsatkich 200 million dollarga ham yetmaydi.
“Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, “O‘zcharmsanoat” uyushmasiga terini chuqur qayta ishlab, ayollar poyabzallari va sumkalari, sport anjomlari va boshqa tayyor charm-attorlik mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish orqali eksport hajmini 2 barobar oshirish vazifasi qo‘yildi”, - deyiladi xabarda.
Shuningdek, yig‘ilishda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasiga eksportda tayyor mahsulotlar ulushini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.