TOShKENT, 30 okt - Sputnik. IIV Maxsus operatsiyalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi Maxsus tayyorgarlik o‘quv markazida o‘zbek saporlari yangi "SPS – 15" saporlik kostumini sinovdan o‘tkazishdi, deb xabar qilmoqda "Postda" nashri.
Ta’kidlanishicha, kostum "Garant" Shveysariya–Germaniya kompaniyasi mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan.
"Bu saporlik kostumining bir qancha afzallik tomonlari bor ekan. Biz hozir foydalanib kelayotgan bunday kostumlarning og‘irligi 38 kilogrammni tashkil etadi. Shuning evaziga unda harakatlanish ancha yengil va qulay. Old himoya qismi ham ancha kuchaytirilgan. Undan ham ovoz, ham raqamli tugmachalar orqali aloqaga chiqish mumkin. Bosh shlemda videotasvirga olish imkoni mavjud bo‘lib, u onlayn rejimida ishlaydi. Bu sapor ko‘rib turgan vaziyatni uzoqdagilar ham ko‘rib turadi. Aloqa sifati ham juda yaxshi", - deya kostum haqida taassurotlari bilan o‘rtoqlashgan markaz katta instruktor-o‘qituvchisi, podpolkovnik Marsel Yagafarov.
Ta’kidlanishicha, kostum ancha ustunlikka ega bo‘lgani bilan, harbiylar tomonidan foydalanish jarayonida ayrim noqulayliklarga ham duch kelingan. Xususan, shlem ichida boshning harakatlanishi cheklangan. Xavf yuzaga kelganda boshni orqaga olish mushkul. Yana uni bir kishi kiyib-yechishi biroz ko‘p vaqt oladi.