TOShKENT, 27 okt - Sputnik. Xalq ta’limi vazirligi qator nashlarda tarqalgan “O‘qituvchilarning oylik maoshi faqat Toshkentda ko‘tariladi” ma’nosidagi ma’lumotlarga aniqlik kiritdi.
Xalq ta’limi muassasalarida ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha “Toshkent tajribasi”ni joriy etishga oid Hukumat qarori loyihasi muhokama uchun regulation.gov.uz sahifasiga qo‘yildi.
Qaror loyihasi O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzurida joriy yilning 23-avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda ta’lim sifatini oshirish, xususan, poytaxt - Toshkent tajribasini respublikaning boshqa hududlarida ommalashtirish yuzasidan berilgan vazifalarni amalga oshirish uchun ishlab chiqildi.
Qaror loyihasining 15-bandida shunday deyilgan:
Toshkent shahar hokimligi Moliya vazirligi va Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda 2020-yilning 1-yanvaridan boshlab, mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan Toshkent shahridagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalari xodimlari bazaviy tarif stavkalarini:
— ikkinchi toifali o‘qituvchi uchun 1,1 baravar;
— birinchi toifali o‘qituvchi uchun 1,25 baravar;
— oliy toifali o‘qituvchi uchun 1,5 baravar miqdorlarida qo‘shimcha rag‘batlantirish oylik ustamalarini to‘lash tartibi joriy etilsin.
Birinchidan, ‘O‘qituvchilarning oylik maoshi faqat Toshkentda ko‘tariladi’ deb ta’kidlash noto‘g‘ri. Ayni paytda bu taklif bo‘lib, muhokama davomida modda o‘zgarishi mumkin.
Ikkinchidan, taklifda Toshkent shahridagi o‘qituvchilarning bazaviy stavkasi yangi miqdorlarini moliyalash mahalliy budjet hisobidan amalga oshirishni taklif etilmoqda. Ya’ni, moliyalash davlat budjeti hisobidan emas.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Prezidenti huzurida joriy yilning 23-avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda Vazirlar Mahkamasi, Moliya va Xalq ta’limi vazirliklariga 2020-yilda xalq ta’limi xodimlari oylik ish haqini oshirish yuzasidan ko‘rsatmalar berilgan, deyiladi XTV xabarida.