TOSHKENT, 24 okt — Sputnik. Qirgʻiziston Oliy sudi Konstitutsiyaviy palata sudyalari sobiq prezident Almazbek Atambayev tarafdorlarining talabini rad etdi. Bu haqda Sputnik Qirgʻiziston xabar qilmoqda.
Tegishli qaror bugun qabul qilingan. Sobiq prezident tarafdorlari Almazbek Atambayevni daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga imkon bergan qonunchilikka kiritilgan oʻzgartirishlarni zid deb topishni talab qilishgan edi.
Biroq sud kiritilgan oʻzgartirishlar Konstitutsiya meʼyorlariga muvofiq kelishi toʻgʻrisida qaror qabul qilgan. Sobiq prezidentning advokati Nurbek Toktakunov sud qarori ustidan shikoyat keltirmasliklarini maʼlum qilgan.
Eslatib oʻtamiz, Qirgʻiziston parlamenti 13 iyun kuni maxsus komissiyani tashkil etgan va u olib borgan ish natijasida Almazbek Atambayev oltita jinoyatga aloqador boʻlishi mumkinligi haqida xulosa qilingan. Juqorgʻu Keneshi 20 iyunda xulosani tasdiqlab, bosh prokuraturaga yubordi. 25 iyun kuni bosh prokuror 6 faktdan 5 tasi boʻyicha jinoyat ishlari qoʻzgʻatish uchun asos borligini maʼlum qildi. Qirgʻiziston parlamenti deputatlari 27 iyun kuni Almazbek Atambayevni sobiq prezident maqomini olib tashlashga ovoz berishdi va u toʻgʻridan-toʻgʻri daxlsizlik huquqidan mahrum boʻldi.
Qoʻy-Toshdagi voqealar
7 avgust kuni kechqurun Qoʻy-Tosh qishlogʻida GKNB spetsnazi Atambayevni qoʻlga olish boʻyicha operatsiyani amalga oshirishga urindi, ammo shturm uning tarafdorlari tomonidan yoʻqqa chiqarildi. 8 avgust kuni huquq tartibot organlari takroriy shturmni amalga oshirdilar, oqibatda siyosatchi taslim boʻldi. Hozirda Atambayevga bir nechta ayblov qoʻyilgan. Sobiq prezident advokati soʻzlariga koʻra, Atambayev tergov boshlangan kundan boshlab birorta savolga javob bermagan, sababi oʻziga qarshi amalga oshirilayotgan harakatlar noqonuniy deb hisoblaydi.