TOShKENT, 23 okt – Sputnik. Kiberqalloblar telefon orqali pul o‘g‘irlashning yangi usulini ishlab chiqishdi. Bu haqda RIA Novostiga “Group-IB” kompaniyasi bosh direktori Ilya Sachkov “Ochiq innovatsiyalar” forumi doirasida ma’lum qildi.
Ilya Sachkovning qayd etishicha, kiberqalloblar bank mijozlaridan smartfonga masofadan boshqariluvchi dasturni o‘rnatishni so‘rashadi. Ularning tuzog‘iga ilinganlar esa mablag‘laridan ayrilib qolishadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yirik banklarning bu turdagi firibgarlikdan yo‘qotishlari har oy 6 -10 million rublgacha yetishi mumkin.
Sachkovning ta’kidlashicha, “Secure Bank” tizimi har oy yangi nayrang yordamida jismoniy shaxslar hisob raqamlaridan pul mablag‘larini yechib olishning mingdan ortiq urinishlarni qayd etadi.
Qayd etish joizki, bugungi kunda O‘zbekiston fuqarolari chuv tushayotgan firibgarlik turlaridan biri elektron taxtalar, ommabop saytlar va internet-auksionlarda u yoki bu tovarning sotuvga qo‘yilganligi haqidagi e’lonlardir. Avvalroq IIV fuqarolardan internet tarmog‘ida shaxsiy ma’lumotlarni joylashtirmaslikni, kompyuter va mobil aloqa vositalaridan foydalangan holda shubhali tuyulgan bank rekvizitlariga mablag‘ o‘tkazmaslikni va umuman, hamisha hushor bo‘lishlarini so‘ragan edi.