TOShKENT, 20 okt – Sputnik. Bugun Toshkentda vazirliklar, qo‘mitalar va boshqa yirik davlat korxonalari orasida futbol (erkaklar) va volleybol (ayollar) bo‘yicha “Bosh vazir kubogi” boshlandi, deb xabar qilmoqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi.
“Bunyodkor” stadionida bo‘lib o‘tgan bellashuvlarda barcha jamoalar puxta tayyorgarlik ko‘gani ma’lum bo‘ldi. Jamoalarning liboslari havas qiladigan darajada, - deb yozadi vazirlik.
Birinchi kun kutilmagan natijalarga boy bo‘ldi. Xususan, sobiq chempion “O‘zteleradiokompaniya” jamoasi “O‘zbekiston temir yo‘llari”ga 0:8 hisobida "efirni boy berib" qo‘yishdi.
Undan tashqari, “Xalq banki” jamoasi ham Xalq ta’lim vazirligiga 9:0 hisobida futboldan “dars o‘tdi”, desak xato bo‘lmaydi.
Shuningdek, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi esa “O‘zbekinvest”ga dastlab 0:2 hisobida “investitsiya kiritib”, ikkinchi taymda uni “2 barafar foydasi bilan chiqarib oldi” - ya’ni 4ta gol kiritib hisobni 4:2 qilishdi.
Barja jamoalar natijalari bilan quyida tanishish mumkin. Musobaqaning yarim final va final oʻyinlari mamlakatimizning bosh arenasi – “Milliy” stadionda tashkil etiladi.