TOShKENT, 19 okt - Sputnik. Qayta moliyalash stavkasi o‘zgarishsiz qoldirildi, deb xabar qildi Markaziy bank axborot xizmati.
"Markaziy bank Boshqaruvining 2019-yil 19-oktabrdagi qarori bilan qayta moliyalash stavkasi yillik 16 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi", - deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, mazkur qarorni qabul qilishda iqtisodiyotda inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar dinamikasining saqlanib qolish, bir martalik inflyatsion shoklarning yuzaga kelishi sharoitida foiz stavkalarni yanada oshirishda xorijiy valyutadagi kreditlar o‘sishi va kredit bozorida segmentatsiya kuchayishi borasidagi ayrim havotirlarning mavjudligini inobatga olib, ehtiyotkorona yondashuvni qo‘llash zaruriyatidan kelib chiqilgan.
Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank Boshqaruvi qayta moliyalash stavkasini 2018-yilning 25-sentabrida 2 foizga oshirib, yillik 16 foiz darajasida belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi.