TOShKENT, 18 okt — Sputnik. Kecha Buxoro viloyatida Qandim gazni qayta ishlash majmuasida Davlat qabul komissiyasi akti imzolanishi bo‘lib o‘tdi. Bu hodisa zavod va tegishli infrastruktura qurilishi tugallanganligidan darak beradi.
"LUKOYL Uzbekistan Opereyting Kompani” Qandim GQIM qurilishi loyihasi batamom bajarilganligi yuzasidan hisobot berdi. O‘tgan yil aprelda tantanali ravishda ochilgan ushbu majmua barcha zarur texnik, uy-joy va transport infrastrukturasi bilan ta’minlangan.
Qandim koni majmuasi tarkibiga har biri 4,05 mlrd kubometr tabiiy gaz quvvatiga ega ikkita texnologik tarmoqli gazni qayta ishlash zavodi, ma’muriy bino, ta’mirlash maxsus hududlari, 1 150 kishilik avtonom turar-joy majmuasi, 71 ta quduq (skvajina), 285 km lik avtoyo‘llar, 70 km lik eksportga yo‘naltirilgan gaz quvuri, 55 km lik suv quvuri va 268 km lik uchta elektr uzatish liniyasi kiradi.
2018 yil 19-aprelda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida majmuaning tantanali ochilishi bo‘lib o‘tgandi. Marosimda, shuningdek, Rossiya energetika vaziri Aleksandr Novak va “Lukoyl” prezidenti Vagit Alekperov qatnashdi.
Qiymati 3,5 mlrd AQSh dollarga teng loyiha nihoyatda qisqa muddatda amalga oshirilib, belgilangan muddatdan 8 oy ilgari foydalanishga topshirildi. Korxona yiliga 8,1 milliard kubometr tabiiy gazni ishlab chiqarish quvvatiga ega.