TOShKENT, 18 okt - Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryoga tashrifi davomida Jarqo‘rg‘on tumanida barpo etilgan "Surxonsementinvest" xorijiy sement zavodi bilan tanishdi.
Germaniya, Avstriya, Rossiya va Xitoydan zamonaviy texnologiya va uskunalar o‘rnatilgan korxonaning loyiha qiymati 144 million dollar. Hozircha zavodning birinchi bosqichi yakunlangan. To‘liq quvvat bilan ishlay boshlagach, bu yerda yiliga 1,1 million tonna sement ishlab chiqariladi va 750 ming tonna sement eksport qilinadi, 1 125 kishi ish bilan ta’minlanadi.
"Surxondaryo viloyatining iqtisodiy imkoniyatlari juda katta. Bu yerda yerosti boyliklar ko‘p. Mendeleyev davriy jadvalidagi deyarili barcha elementlar bor. Bundan oqilona foydalanishimiz, xalqimiz manfaati uchun ishlatishimiz kerak", - deb ta’kidladi Mirziyoyev.
Shuningdek, kelgusida 12 million dollardan ziyod investitsiya jalb qilish orqali quruq qurilish aralashmalari, gidratlangan ohak, temir-beton mahsulotlari ham tayyorlash rejalashtirilgan.