TOShKENT, 17 okt – Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrifini Hakim Termiziy maqbarasi ziyoratidan boshladi.
Maqbarada prezident mahalliy hukumat vakillari va diniy ulamolar bilan birgalikda O‘zbekiston xalqiga tinchlik va farovonlik tilab duo qildi.
Ulamolar bilan suhbatda mamlakatimiz tarixi, allomalarimizning boy ma’naviy merosini yosh avlodga yetkazish, ularni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalash haqida so‘z yuritildi. Jamiyatimizda mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, bilib-bilmay adashganlarni avf etib, to‘g‘ri yo‘lga qaytarish, hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Eslatib o‘tamiz, Surxondaryoda so‘nggi vaqtlarda turizmni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda. Bir necha oy oldin Amu daryo qirg‘og‘idagi kampirtepa qazilmalari Oks Iskandariyasi deb e’lon qilingan edi. Undan tashqari hududda turizm infratuzilmasi ham rivojlanmoqda. Yaqinda Hakim Termiziy maqbarasi yonida “Vaqf” xayriya fondi tomonida yangi mehmonxona qurib foydalanishga topshirilgan edi.