TOShKENT, 17 okt – Sputnik. O‘zbekistonda o‘tgan yilga nisbatan jinoyatlar soni 26 foizga kamaydi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Bugun, 17-oktabr Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida “Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinayotgan ichki ishlar organlari faoliyatiga taalluqli materiallarga huquqiy munosabat bildirish” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi tizimidagi barcha boshqarma hamda idora rahbar va mutasaddi xodimlari ishtirok etdi.
IIV matbuot kotibi, polkovnik Shoxruh Giyasov joriy yilning 9 oyi mobaynida bajarilgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
“2019 yilning o‘tgan 9 oyi davomida respublikada jami 25 344 ta jinoyat ro‘yxatga olingan bo‘lib, avvalgi yilga nisbatan 8899 taga yoki 25,9 foizga kamayishiga erishilgan. Ushbu davrda respublikadagi mavjud 9116 ta maxallalarning 4518 tasida umuman jinoyat sodir etilishiga yul ko‘yilmadi”, - deb ta’kidladi Giyasov.