TOShKENT, 17 okt - Sputnik. O‘zbekistonda qo‘shimcha qo‘shilgan qiymat soliq stavkasi 1-oktabrdan 20% dan 15%ga tushirildi. Bu orada joriy yil birinchi yarim yilligi natijalari bo‘yicha respublikaning tashqi qarz hajmi 13,09 mlrd AQSh dollarini yoki YaIMning 23,5% ini tashkil etdi.
“QQSning 20% dan 15% ga tushirilishi – iqtisodiyot rivojlanishi tezligini oshirish yo‘lida to‘g‘ri qaror. Soliqlarni tushirish kerak. Biroq, hozirda mamlakat diqqat-e’tibori ostida bo‘lishi kerak bo‘lgan yo‘nalish bu davlatning tashqi qarz yukidir. O‘zbekistonda, bilishimcha, suveren qarz o‘sish sur’atlari nihoyatda baland”, - deydi moliyaviy tahlilchi.
Shuning barobarida soliqlarni pasaytirishni boshlab yuborgan davlat, ekspert fikricha, noqulay vaziyatga tushib qolish hech gap emas. Chunki budjetning katta qismi qarzlarni qaytarish bilan ovvora bo‘lib qoladi. Ushbu ma’noda, ishtahani tiygan yaxshi. Zotan, yaqin 2-yilda global retsessiya kutilmoqda, deya taxmin qildi u.
D.Golubovskiyning so‘zlariga qaraganda, soliqlarni tashqi qarzni qaytarishga yetarli bo‘ladigan sur’atda yig‘ib olish talab qilinadi. U misol tariqasida Rossiya tajribasiga to‘xtalar ekan, bu yerda soliq tizimi soddalashtirilishi natijasida soliqlarni yig‘ib olish keskin o‘sganligini qayd etib o‘tdi.
Soliq eksperimentlari oxiri nima bilan tugaydi?
“RFda ma’muriy boshqarilishi va hisobga olinishi murakkab bo‘lgan ko‘plab turli soliqlar soddaroq yig‘imlar kompleksi bilan almashtirildi. Ular jumlasida, QQS, jismoniy shaxslar uchun daromad solig‘i, foydali qazilmalar bo‘yicha yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq kabilar. Bu soliqlar yig‘ilishini keskin oshirdi. Garchi, biznesga soliq yuki pasaytirilgan bo‘lsa-da, davlat xazinasiga soliq yig‘imlari hajmi ancha oshganini kuzatish mumkin, - dedi ekspert.– Qolaversa, Rossiyada soliq solish ustidan nazoratning samarali tizimi o‘rnatilgan”.