Shavkat Mirziyoyev Turkiy kengashda 4ta tashabuus bilan chiqdi

Obuna bo‘lish
Turkiy kengash sammitida O‘zbekiston prezidenti a’zo davlatlar orasida tadbirkorlikni, transport kommunikatsiyalarini, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga doir 4ta tashabbusi bilan chiqdi.

TOShKENT, 16 okt - Sputnik. Kecha Bokuda bo‘lib o‘tgan Turkiy tilli davlatlar kengashida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi. 

O‘z nutqida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning tashkilotga a’zo bo‘lishi, hech shubhasiz, tabiiy va tarixiy jarayonlar ifodasi ekanini ta’kidladi.

Shuningdek, prezident  Turkiy kengash a’zolari orasida turli sohalarda aloqalarni rivojlantirish maqsadida quyidagi 4ta tashabbuslarni taklif qildi:

Birinchidan, Turkiy kengashga a’zo davlatlar tadbirkorlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ishonchli aloqalarni o‘rnatish uchun eng qulay sharoitlar yaratishni ustuvor vazifa. Shu borada qo‘shma texnoparklar, startap innovatsiya kompaniyalari va venchur jamg‘armalari tashkil etish, qo‘shma investitsiya fondi va turkiy davlatlar savdo uylarini birgalikda barpo etish.

Ikkinchidan, Kengashga a’zo mamlakatlar aholisining 40 foizidan ortig‘i yoshlar ekanidan kelib chiqib, ularni tadbirkorlikka keng jalb etish maqsadida Turkiy Kengash doirasida Yosh tadbirkorlar forumini ta’sis qilish va uning birinchi yig‘ilishini kelgusi yil Toshkentda o‘tkazish.

Uchinchidan, yirik transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirish orqali Yevropa, Xitoy va Janubiy Osiyo bozorlariga chiqish, “Boku-Tbilisi-Kars” yangi temir yo‘lining salohiyatidan unumli foydalanish zarur.

To‘rtinchidan, madaniy-gumanitar sohalar muhim ahamiyatga ega ekanini hisobga olgan holda, Kengashga a’zo davlatlar adabiyotining eng sara namunalaridan iborat 100 jildli “Turkiy adabiyot xazinasi” nomli kitoblar turkumini har bir mamlakatning ona tilida nashr etish.

Uchrashuv yakunida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi yettinchi sammitining deklaratsiyasi va boshqa hujjatlar qabul qilindi. Turkiy kengashga a’zo davlatlar rahbarlarining O‘zbekiston Respublikasining to‘la huquqli a’zo sifatida tashkilotga qo‘shilishi to‘g‘risida Qo‘shma bayonoti sammitning muhim voqeasi bo‘ldi.

O‘zbekiston prezidentining Turkiy kengashdagi nutqining to‘liq matni bilan quyida tanishing.

Yangiliklar lentasi
0