TOShKENT, 12 okt - Sputnik. Rossiya hukumati rus fuqaroligini soddalashtirilgan tartibda olish arizasini ko‘rib chiqish muddatini qisqartiruvchi qonun loyihasini ma’qulladi.
Hujjatga ko‘ra, endilikda ariza 3 oy ichida ko‘rib chiqiladi. Hozir ko‘rib chiqish muddati 6 oyni tashkil etadi.
Ta’kidlanishicha, qonun Rossiya fuqaroligi olish tartibini takomillashtirishga hamda Rossiyada qonuniy asosda yashab kelayotganlarga uni olish uchun mavjud bo‘lgan ma’muriy to‘siqlarni qisqartirishga imkon beradi.
Qonun ma’qullangan va ko‘rib chiqilishi uchun Rossiya Davlat dumasiga kiritilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yuqori malakali xorijiy mutaxassislar soddalashtirilgan tartibda Rossiya fuqaroligini olish uchun zarur bo‘lgan mehnat muddatini uch yildan bir yilgacha qisqartirishni nazarda tutgan qonun kuchga kirgani xabar qilingan edi.