TOShKENT, 11 okt – Sputnik. O‘zbekiston Senati “Mudofaa to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahririni ma’qulladi, xabar qiladi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Qayd etilishicha, hujjatga respublikaning harbiy-texnik sohadagi xalqaro hamkorligi to‘g‘risidagi modda kiritilgan.
Hujjat boshqa xorijiy davlatlar bilan xavfsizlik va mudofaa sohasida o‘zaro aloqalarni mustahkamlash hamda o‘z mudofaa sanoati kompleksini tashkil etishga qaratilgan. Qonunning yangi tahririga “Mudofaa sohasida xalqaro hamkorlik” moddasi kiritilgan.
O‘zbekistonning mudofaa sohasidagi davlat siyosatining asosiy maqsadlari qatorida xalqaro va mintaqaviy hamkorlik, xavfsizlik, barqarorlik va Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash to‘g‘risida band kiritilgan. Qonunning yangi tahriri mamlakat rahbari Shavkat Mirziyoyevga imzolanish uchun taqdim etildi.