TOShKENT, 10 okt – Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Samarqand-Qarshi trassasida Koson yoqilg‘i quyish shoxobchasida transport vositasiga dizel yoqilg‘isini quyish bilan bog‘liq muammo tug‘ilgani tufayli xorijiy turistlar avtobusining 2 soatga kechiktirilgani haqidagi xabar yuzasidan Energetika vazirligi izoh berdi.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston yoqilg‘ini xo‘jalik yurituvchi subyektlarga, shu jumladan, AYoQShlarga sotishda bozor munosabatlariga amal qiladi. Hozirgi paytda ushbu dizel yoqilg‘isini sotish birja savdolari orqali amalga oshiriladi. Bunda bozor tamoyiliga amal qilinadi – birjadagi narx haqiqiy ehtiyojni ko‘rsatadi.
“Dotatsiyalangan taqsimot davri tugamoqda. Demak, AYoQSh mutlaqo mustaqil xo‘jalik yurituvchi subyekt, ayni paytda tijoriy subyekt sifatida mijozga o‘z vaqtida (ya’ni – darhol) yoqilg‘i sotish va natijada qancha foyda olish masalasini o‘zi hal qiladi. Tijoriy subyektlarning aksariyati o‘z bozoridagi konyunkturani, bu o‘rinda – mijozlar ehtiyojlarini qondirish uchun yoqilg‘i hajmini yaxshi bilgani tufayli daromad oladi va rivojlana boradi. AYoQShdagi holatga kelsak, turistik avtobus haydovchisi yoqilg‘i quyishni istagan, ammo bu AYoQShda barcha holatlar e’tiborga olinmagan”, - deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, shu yilning sentabrida 45,4 ming tonna dizel yoqilg‘isi birjaga qo‘yilgan. Shundan 14,6 ming tonnasi sotilgan, ya’ni taklif talabdan ortiq bo‘lgan. Bunda qandaydir yetkazib berilmaslik haqida gap bo‘lishi mumkin emas.
Bu jarayonda mamlakatdagi barcha yuridik shaxslar, shu jumladan, turistik firmalar o‘z ehtiyojlari uchun to‘siqsiz dizel yoqilg‘isini sotib olishi mumkin. Ammo bunda yangiliklardan foydalanishni ham o‘rganish zarurdir.
Xabarda O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi turistik avtobus ushbu AYoQSh shoxobchasiga sayyohlar qo‘shimcha obyektlarni ko‘rish istagini bildirgani tufayli kelgani qo‘shimcha qilingan. Ammo har qanday holatda sayyohlarga to‘laqonli xizmatlar ko‘rsatilish uchun javobgarlik turni tashkil qilgan turistik kompaniya zimmasida ekanligi aytilgan.