TOShKENT, 8 okt - Sputnik. San Jay taxallusi ostida ijod qilayotgan asli navoiylik Sanjar Djavberdiyev o‘z ijtimoiy tarmog‘ida O‘zbekiston prezidentiga murojaatnomasini joylashtirdi.
10-daqiqalik video murojaatida reper uzoq muddat davomida “O‘zbekkonsert” tarafidan yakkaxon konsert o‘tkazishga ruxsat ololmayotganidan nolidi.
“Ruxsatnoma uchun mendan keyinroq hujjat topshirganlar allaqachon shahar bo‘ylab konsert afishalarini osib chiqqan, men esa haligacha javob kutapman”, - deydi u.
Reper so‘zlariga qaraganda, u har yili konsert faoliyatini olib borish uchun 20 million so‘mli litsenziyani olishga majbur bo‘lyapti, ammo uning hech qanday foyda bermayotganiga, yakkaxon konsertga ruxsat hanuzgacha berilmaganiga shikoyat qildi.
“Istagim - Toshkentda 100% jonli ijrodan tashkil topgan, Yevropa standartlariga to‘liq javob beradigan konsert qo‘yish, – deydi San Jay. – Mening qo‘shiqlarim faqat yaxshilikka da’vat etadi”.
Istiqbolda, reper "o‘zbek estradasini dunyo miqyosiga olib chiqib, o‘zbek tilida jahon xitini yaratish"ni maqsad qilib olganini ham aytdi.
Mavjud to‘siqlar haqida gapirar ekan, u “kimgadir tashqi ko‘rinishim, imidjim yoqmayotgandir, bilmadim”, - deya yakun yasadi.