TOShKENT, 9 okt – Sputnik. “Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi umumiy muhokamaga qo‘yildi.
Loyihada Qishloq xo‘jaligi vazirligi tuzilmasida davlat-xususiy sheriklik asosida Organik qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan agroklaster (Organik agroklaster) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berish belgilangan.
Hujjatda yozilishicha, organik agroklasterning asosiy vazifalari:
- qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini organik usulda yetishtirishni tashkil etish;
- organik sifatga ega bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish;
- organik mahsulotlarni ishlab chiqishda ilm-fan yutuqlari va zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanish;
- organik mahsulotlar ishlab chiqarish (yetishtirish, saqlash, qayta ishlash)da yer maydonlari suv resurslarida oqilona foydalanishda avtomatlashtirilgan va intellektual texnologiyalarni keng qo‘llash;
- organik mahsulotlar uchun samarali texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha meyoriy va uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqish va ommalashtirish;
- organik mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish va ilg‘or texnika va texnologiyalardan samarali foydalanish yo‘nalishida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
- qishlok xo‘jaligining resurstejamkor xorijiy texnika va texnologiyalarni keltirish, dala tajribalari va laboratoriya sinovlari o‘tkazish hamda uning ijobiy natijalarini keng joriy etishga tavsiya etish;
- ana’naviy, noana’naviy ekin turlarini va ularni qayta ishlangan mahsulotlarini o‘rganish, ularni yetishtirishni va qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish.
“2020-2021 o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat agrar universitetida “Ogranik qishloq xo‘jaligi va organik mahsulot yetishtirish” bo‘yicha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarini tashkil etsin”, - deyilgan hujjatda.