TOShKENT, 9 okt – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Olmazor tumanida “Olmazor business city” ishbilarmonlik markazi qurilishi bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.
Tashrif davomida Mirziyoyev bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi. Qurilishda qo‘llanilayotgan innovatsion, energiya tejamkor texnologiyalarga alohida e’tibor qaratdi.
“Uylar sonini ko‘paytirish, energiyani tejash orqali turar joylar narxini arzonlashtirish kerak. Buning uchun qurilish materiallari, bazalt tolasi ishlab chiqarish korxonalarini ko‘paytirib, har bir hududga yetkazib berish zarur”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Binokorlik ishlarining borishi, o‘ziga xos jihatlari haqida ma’lumot berildi. Qurilishda mahalliy materiallardan foydalanilayotgani, uylar ham to‘liq mamlakatda ishlab chiqarilgan maishiy texnika va mebellar bilan jihozlanishi ta’kidlandi.
Shu yerda Olmazor tumani faollari bilan ham muloqot bo‘ldi.
Mazkur inshootni qurish ishlari joriy yil fevral oyida boshlangan.
Maydon 6 ta lotga bo‘lingan bo‘lib, birinchi va ikkinchi lotlarda savdo markazi, ofislar va ko‘ngilochar maskanlar bunyod etilmoqda. Uch, to‘rt va beshinchi lotlarda 2 ming 100 xonadonga mo‘ljallangan 28 ta ko‘p qavatli uy, oltinchi lotda 300 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi hamda 500 o‘rinli maktab qurilmoqda. Uylarning birinchi qavatidan savdo do‘konlari o‘rin oladi.
Xonadonlarda alohida isitish tizimi o‘rnatiladi. Devorlar yetti qatlamdan iboratligi, jumladan, bazalt tolasi bilan qoplangani qishda issiq, yozda salqin haroratni yaxshi saqlaydi.