TOShKENT, 6 okt — Sputnik. 2019-yilning 30-sentabr - 6-oktabr kunlari Nukus shahrida O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi Davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha Qo‘shma O‘zbekiston-Turkmaniston hukumatlararo komissiyasi ishchi guruhlarining navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
“Tadbir davomida tomonlar demarkatsiyaning meyoriy-texnik hujjatlarini solishtirib chiqdilar va ularni O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi Davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha Qo‘shma O‘zbekiston-Turkmaniston hukumatlararo komissiyasi tomonidan tasdiqlashga kiritishga kelishdilar”, - deyiladi TIV matubot xizmati tarqatgan ma’lumotda.
Uchrashuvda, shuningdek, o‘zaro chegarada aerofotosuratga olish yuzasidan fikr almashildi.
Sobiq ittifoq qulaganidan so‘ng, O‘zbekistonning qator qo‘shni davlatlari bilan alohida chegara hududlari muvofiqlashtirilmaganicha qolgan edi. O‘zbek-turkman chegarasining umumiy uzunligi 1 650 km.ni tashkil etib, uning ayrim hududlarini demarkatsiya qilish yuzasidan ilk shartnoma 2000-yilda imzolangandi. Ushbu masala yuzasidan kelishuv jarayoni 2017-yilda Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston prezidenti bo‘lib saylanganidan keyingina o‘z ishini qaytadan boshladi.