TOShKENT, 2 okt – Sputnik. Bugun Toshkentda “Tashkent Book Fest” - xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasi boshlandi.
O‘zbekistonda ilk marotaba o‘tkazilayotgan ushbu yirik madaniy tadbirda yetti mamlakat — Buyuk Britaniya, Germaniya, Qozog‘iston, Koreya, Qirg‘iziston, Rossiya Federatsiyasi, Turkiya davlatdan 16 ta nashriyot va kitob savdo tashkilotlari vakillari ishtirok etmoqda.
Ko‘rgazma ochilish marosimiga Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi raisi Komil Allamjonov ham tashrif buyurdi.
“Mazkur xalqaro ko‘rgazma-yarmarka nafaqat kitoblar namoyishi, balki soha xodimlari va ishtirokchilar uchun o‘zaro tajriba almashish, hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, bir so‘z bilan aytganda, yangi texnika va texnologiyalarni, yangicha yondashuvlarni joriy etishda yana bir muloqot maydoni bo‘lib xizmat qiladi, deb o‘ylayman”, - dedi Allamjonov.
Xalqaro kitob ko‘rgazmasi 4-oktabrga qadar davom etadi.