TOShKENT, 2 okt - Sputnik. Namanganda ota aliment to‘lamaslik maqsadida hali bir yarim yoshga to‘lmagan o‘g‘lini Shimoliy Farg‘ona kanaliga tashlab yubordi. Bu haqda “Zamon” informatsion dasturida ma’lum qilindi.
Ma’lum qilinishicha, sudning hal qiluv qaroriga binoan R.T. 2018-yilda tug‘ilgan o‘g‘li B. uchun daromadining 70 foizini aliment tariqasida to‘lab borishi kerak edi.
Aliment to‘lashni istamagan ota jirkanch ishga qo‘l uradi. G‘arazli niyatni amalga oshirish uchun otasining uyida bo‘lgan sobiq turmush o‘rtog‘ining yoniga boradi va o‘g‘lini ko‘rmoqchi ekanini aytadi. Bolani onasidan olib, choy ichmaganinini aytib, bir piyola choy olib chiqishini iltimos qiladi. Ayolning uyga kirib ketganidan foydalanib, o‘g‘lini olib qochadi. U bolasini Namangandagi Shimoliy Farg‘ona kanaliga olib keladi va uning ojizligidan foydalanib kanalga uloqtirib yuboradi. Ota bolasi cho‘kib ketgunicha qarab turadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namanganda ayol qizining oyoqlari notekis (nuqsonli) tug‘ilganligidan achchiqlanib, undan qutilish maqsadida uni 2-qavatidan pastga uloqtirib yuborgani xabar qilingan edi.