TOShKENT, 2 okt - Sputnik. Moskva viloyatining Balashixa shahrida ikki nafar o‘zbekistonlikni kaltaklagan politsiya xodimlari ishdan haydaldi va qonunga binoan jazoga tortiladi.
Rossiya IIVning Moskva viloyati bo‘yicha BB matbuot xizmati boshlig‘i Tatyana Petrovaning RIA Novostiga ma’lum qilishicha, hozirda ikki o‘zbekistonlikning ikkinchi qavatdan sakrab, jarohat olganligi yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Hozirda tergovchilar jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlarining kvartiraga kelish asoslarini aniqlashmoqda. Surishtiruv yakuniga ko‘ra protsessual qaror qabul qilinadi.
Tatyana Petrova politsiya bo‘limi boshlig‘ining lavozimi pasaytirilgani va 10 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan intizomiy chora ko‘rilganini qo‘shimcha qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Balashixa shahrida ikki nafar o‘zbekistonlik kvartiraga politsiya xodimlari kelgan so‘ng hayotini qutqarish uchun o‘zini derazadan tashlagani xabar qilingan edi. Jabrlanganlarning so‘zlariga qaraganda, ular Moskvaga federal ahamiyatga molik obyektlarda ishlash uchun malakali mutaxassis-restavratorlar sifatida taklif qilingan. O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi ushbu holat yuzasidan Rossiya Tashqi ishlar vazirligi, Bosh prokuratura va Tergov qo‘mitasiga rasmiy murojaat yo‘llagan.