TOShKENT, 27 sen - Sputnik. Bugun, 2019-yil 27-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Xarbiy sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizligi xizmatining (DXX) sobiq raisi Ixtiyor Abdullayev va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan ayblov hukmi e’lon qilindi.
Oliy sud matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ikki oydan ortiq davom etgan yopiq sud majlisida sudlanuvchilarning, uch yuzdan ortiq jabrlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatmalari tinglanib tahlil qilindi, dastlabki tergov organi tomonidan to‘plangan dalillarga baho berilib, sudlanuvchilarning vajlari tekshirildi.
Natijada, Ixtiyor Abdullayev jinoiy uyushma tashkil etib, mansab vakolatini suiste’mol qilib, uyushgan guruh va jinoiy uyushma manfaatlarini ko‘zlab, juda ko‘p miqdorda pora olish, O‘zbekiston Respublikasining manfaatlariga xilof ravishda bitimlar tuzish, tovlamchilik, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilish, bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish va shu kabi bir qator jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.
Jinoyatlar majmui tariqasida Ixtiyor Abdullayev 18-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilindi.
Shuningdek, sudning hukmi bilan: DXX raisining sobiq o‘rinbosari Jahongir Igamov 16-yil, DXX raisining sobiq maslahatchisi Alisher Ishanxodjayev 17-yil, Toshkent shahar prokurorining sobiq o‘rinbosari Yorqin Abdullayev 14-yil, Adliya vazirligi Kadrlar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari Yusufboy Xodjayev 8-yil, Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari G‘ayrat Hidoyatov 5-yil, Oliy sud raisining sobiq o‘rinbosari Bahodir Dehqonov 5-yil, Namangan viloyatining sobiq prokurori Ulug‘bek Toshev 5-yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sudlanib, har biri muayan muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilindilar.
Qolgan 15 nafar sudlanuvchilarga ham sodir etilgan jinoyatlarning og‘irlilik va ijtimoiy xavflilik darajasi hamda ularning jinoyatlardagi ishtirokidan kelib chiqib, jazolar tayinlandi.
Otabek Murodov ishi DXX sobiq rahbari Abdullayev jinoiy ishi doirasida ko‘rib chiqilmoqda
Bundan tashqari, sud tomonidan jinoyatlar oqibatida davlat, shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslarning manfaatlariga yetkazilgan moddiy zararlarni qoplashga qaratilgan tegishli choralar belgilandi.