Hokimiyatsiz hokim: Olmazor tumani rahbari saylovlar, mahalla va to‘ylar xususida

© Sputnik / Dilshoda RaxmatovaXokim Almazarskogo rayona Baxtiyor Raxmonov na soveshanii s zamestitelyami i rukovoditelyami sektorov
Xokim Almazarskogo rayona Baxtiyor Raxmonov na soveshanii s zamestitelyami i rukovoditelyami sektorov - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Toshkentning eng yirik tuman hokimi ma’muriyatning yangi binosi qurib bitkazilguniga qadar ochiq osmon ostida faoliyat yuritmoqda. Sputnik O‘zbekiston muxbiri hokimning ish kuni tartibi bilan tanishish davomida tumandagi eng og‘ir muammolar va amaldagi rejalarni o‘rgandi.

TOShKENT, 18 sen — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Toshkent shahar Olmazor tumani rahbari Baxtiyor Rahmonov ofisda o‘tirishga u qadar ishqiboz emasligini uning meni o‘z kabinetiga emas, tuman mahallasidagi hovlilarning biriga taklif qilganidan angladim. Oziq-ovqat do‘koni va tizilishib non sotib turgan ayollar qatoridan o‘tgach, hokimning "ish joyiga" o‘tamiz - ko‘p qavatli bino oldida turgan bir stolu ikki stul yoniga. Yuzimdan ajablanganligimni payqagan ma’muriyat boshlig‘i matbuot kotibi vaziyatga aniqlik kiritgandek bo‘ldi: hokimiyat hududida qurilish ishlari olib borilayotgani va ma’muriy bino qurilishi bitmagani tufayli, vaqtincha "toza havoda" ishlashga to‘g‘ri kelmoqda.  

Olmazor tumani hokimi Baxtiyor Rahmonov va tarmoq rahbarlari
Hokimiyatsiz hokim: Olmazor tumani rahbari saylovlar, mahalla va to‘ylar xususida - Sputnik O‘zbekiston
Olmazor tumani hokimi Baxtiyor Rahmonov va tarmoq rahbarlari

Tabiiyki, hokim va uning qo‘l ostidagilarga joy ajratilgan - tuman kollejlarining birida, lekin Baxtiyor Rahmonov u yerda ham deyarli bo‘lmaydi. Faoliyatining xususiyatiga ko‘ra, uning kabinetda uzoq o‘tirib qolishga hojat qolmaydi. 

"Saylovlarda eskirgan narsalardan faqat qutichalar bo‘ladi"
Tuman rahbari uzoq va behuda suhbatlarni xush ko‘rmaydigan ishbilarmon odam. Tanishishimiz bilanoq, majlisni boshlab yubordi. Tuman faoliyatiga bevosita aloqador barcha xizmatlar vakillari o‘z hisobotlari bilan chiqish qildilar.

Baxtiyor Rahmonovga mahallalarda obodonlashtirish ishlari, bolalar bog‘chalarida va maktablarda ta’mirlash ishlari qay yo‘sinda olib borilayotgani yuzasidan hisobot berildi. Xo‘jalik-maishiy masalalardan tashqari hokim tuman hududidagi 106 ta saylov uchastkalarining tayyorlik holati borasida ma’lumot oldi. Ajablanarli joyi yo‘q, albatta, yaqinda parlament saylovlari, va bunda hokimni nafaqat ma’muriy masalalar, balki texnik holatlar - elektr tokidan tortib, Internet bilan ta’minlanganlik masalalari-da qiziqtirardi.

Rahmonovning ta’kidlashicha, deputatlikka nomzodlarni sinchkovlik bilan tanlab olish zarur.

"Agar bo‘lajak parlament a’zosi prezident islohotlarini tadbiq etishga tayyor bo‘lmasa, bunday deputat bizga kerak emas. Yodingizda bo‘lsin: bundan buyon, faqat saylov qutilari eski holatda qolishi mumkin. Qolgani, va hatto saylovni tashkillashtirishga bo‘lgan yondashuv faqat va faqat yangi bo‘ladi", — deya qayd etdi hokim. 

"Ona yurtning bag‘ridan zuvolasi": o‘zbek chinnisi dovrug‘ining qayta tiklanishi
Majlisdan so‘ng obyektlarni aylangani yo‘lga tushdik. Navbatda birinchi bo‘lib Toshkent chinni zavodi. Uning xarobalardan qayta tiklanib, faoliyati shu yil oktabridayoq boshlanishi kutilmoqda.

O‘zbek oilalarida chiroyli odat bor – hurmat yuzasidan mehmonlarga naqshli chinni idishlardan dasturxon tuzatish. Mahalliy chinni an’anaviy gullar va naqshlar bilan qoplangan bo‘lib, u ora-sirada rus gjeli (rus xalq hunarmandchiligidagi naqsh)ni yodga soladi. Agar piyola, lagan, guldon yoki choynakni to‘ntarsak, uning tubida Anko siluetini (forschadan "afsonaviy qush") ko‘ramiz. Bu tamg‘ani o‘z mahsulotlari uchun Toshkent chinni zavodi qo‘llab kelgan. Zavod dovrug‘i sobiq ittifoq davridanoq O‘zbekiston hududidan ancha uzoqlarga yoyilgan edi. 

XIX-XX asrlar oralig‘ida, sharqiy uslubda naqsh urilgan chinni mahsulotlari Gardner va Dulevskiy fabrikalari, Xrapunovlar, Kornilovlar, Bateninlar manufakturalari tomonidan ishlab chiqilardi. 1953-yilda Toshkentda zavod ishga tushiriladi. Mahalliy mutaxassislarni o‘qitish uchun Rossiya va Belarusdan yetakchi ustalar tashrif buyuradi. O‘zbek chinnisi doimo o‘ziga xos, takrorlanmas uslubga ega va sobiq ittifoqda hamisha mashhur bo‘lgan. 

1991 yilda korxona xususiylashtiriladi, so‘ngra norentabelligi tufayli faoliyati tamomila tugatiladi. Endilikda esa, afsonaviy zavod o‘zining ikkinchi tug‘ilgan kunini - 1-oktabrda o‘tkazishni rejalashtirmoqda. 350dan ortiq ustalarning yiliga 30 million donadan ortiq mahsulotlarni mahalliy xom ashyodan ishlab chiqishi kutilmoqda. Reja bo‘yicha idish uchun oq chinni gili - kaolin - Surhondaryo viloyatidan keltiriladi.

© Sputnik / Dilshoda RaxmatovaToshkentning Olmazor tumanida mashhur chinni zavodining qayta tiklanishi
Hokimiyatsiz hokim: Olmazor tumani rahbari saylovlar, mahalla va to‘ylar xususida - Sputnik O‘zbekiston
Toshkentning Olmazor tumanida mashhur chinni zavodining qayta tiklanishi

Sexlarda pardoz-andoz, sozlash ishlari nihoyasiga yetmoqda, korxonaga kiraverishingiz bilan salobatli chinni serviziga ko‘zingiz tushadi. Zuvolasi ona yurt bag‘ridan bo‘lgan chinni piyola an’analari qayta tiklanmoqda. 

Islohotlar zamirida
Olmazor tumani — Toshkentda hududi bo‘yicha eng yirigi hisoblanib, unda uch yuz mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. 1970-yildan tuman general Sobir Rahimov nomi bilan ma’lum bo‘lib, 2010-yildan hozirgi nomini olgan. 

E’tiborga loyiq tarafi, aksariyat zamonaviy tashabbuslar, dastavval, aynan shu tumanda "tajribadan o‘tkaziladi". Hududda ilk bor "Olmazor Siti" savdo markazi barpo etildi. Qolaversa, aynan Olmazor tumanida prezidentning "Besh tashabbusi" tadbiq etilishi boshlandi. Xususan, tumanning 18ta mahallasida yangi kutubxonalar barpo etilmoqda, infratuzulma rivojlantirilmoqda, ko‘cha yo‘l tarmoqlari kengaytirilmoqda.  Har bir mahallada sport va o‘yin maydonchalari mavjud, hatto devoru to‘siqlar ilg‘or standartlar asosida barpo etilmoqda. Shu bilan birga tumanning o‘ziga xos "kashfiyotchi" yohud "pioner" statusi uning rahbariyatiga ikki baravar mas’uliyatni yuklaydi, albatta. Demakki, ham hokim va ham unga bo‘ysunuvchi shaxslar epchillikni susaytirmay, ishlarida jo‘shqinlik bilan davom etishlari talab etiladi. Qolaversa, davlat rahbarining shahar tumanlariga ham muntazam tashrif buyurishi buni talab etadi. 

© Sputnik / Dilshoda RaxmatovaOlmazor tumani mahallalaridagi bolalar o‘yingohlarining biri
Hokimiyatsiz hokim: Olmazor tumani rahbari saylovlar, mahalla va to‘ylar xususida - Sputnik O‘zbekiston
Olmazor tumani mahallalaridagi bolalar o‘yingohlarining biri

Yangi uylar va retsidivist to‘yi 
Baxtiyor Rahmonov bir yildan ortiqroq muddat davomida tuman hokimi sifatida faoliyat yuritmoqda. O‘zining e’tirof etishicha, avvaliga mahalliy aholi bilan umumiy til topishda bir oz murakkabliklar bo‘ldi. "Boshida hatto salomlashmasdilar ham", — deya, eslaydi u.

Hamma o‘zgarishlar 2018-yildan - Olmozor tumani Ibrohim ota mahallasi eng ashaddiy jinoyat ko‘p sodir etiluvchi "qarovsiz" mavzedan zamonaviy va xavfsiz, yashash uchun qulay hududga aylanganidan so‘ng boshlandi. Bu yerda yettita ko‘pxonadonli uylar barpo etildi, butun hudud obodonlashtirildi va jinoyatchilik deyarli yo‘qqa chiqarildi.

© Sputnik / Dilshoda RaxmatovaOlmazor tumanidagi bolalar bog‘chasi
Hokimiyatsiz hokim: Olmazor tumani rahbari saylovlar, mahalla va to‘ylar xususida - Sputnik O‘zbekiston
Olmazor tumanidagi bolalar bog‘chasi

Shu bilan birga, uy-joy ta’minoti masalasi tumanning yagona muammosi emas, garchi u o‘ta og‘ir va jiddiy bo‘lsa-da. Tumanda moddiy yordamga muhtoj anchagina oila bor. Asosiy e’tibor yoshlarga qaratilgan. Tuman ma’muriyati yuzlab to‘ylarning o‘tkazilishida bevosita qatnashdi, yosh oilalarga shahar ma’muriyatidan sovg‘a tariqasida mebel taqdim etildi. Hokim qayd etganidek, ko‘plab juftlar aynan moliyaviy sabablar tufayli oila qura olmayapti.

"Aynan shundaylarga yordam ko‘rsatildi, ularning to‘yi o‘tkazildi. Musiqa yangradi, dasturxon yozildi, hammasi bekamu-ko‘st, isrofgarchiliksiz o‘tdi", — deydi Rahmonov.

Hokim tumanda o‘tkazilgan bir retsidivistning to‘yi haqida ham eslab o‘tdi.

"Bu inson butun umr o‘g‘rilik bilan shug‘ullanib kelgan, umrining ancha qismini qamoqda o‘tkazdi. Prezident bizga shunday odamlar bilan ham ishlanglar, birortasi e’tibordan qolmasin, deganlarida, ularni yig‘ib, kimning qo‘lidan nima ish kelishini o‘rganishga harakat qildik. Biridan "Nima ish qilishni bilasan?", deb so‘rasam, "Hech narsa", deb javob qaytardi. "Nega uylanmaysan?", dedim tag‘in. U menga qarab: "Kim o‘tkazib beradi to‘yimni? Sizmi?", dedi. "Nega bo‘lmasin", degandek javob bergandim o‘sha payt, deya eslaydi tuman hokimi.

Rahmonovning aytishicha, shu bilan bu odam oilali bo‘lib, ish topib, yangi hayotni boshlab yuborgan. 

"Ish bo‘lsa — hamma narsa bo‘ladi"
Olmazor tumanining deyarli uchdan bir qismi - 56tadan 18tasi - prezidentning beshta muhim tashabbusining amalga oshirilishiga va ikkita mahalla "Obod mahalla" obodonlashtirish dasturiga jalb etilgan. Aynan shuning uchun ham, bugunda tuman katta qurilish maydonini eslatadi: ko‘p qavatli eskirgan uylar qayta ta’mirlanmoqda, yo‘llar kengaytirilmoqda, bolalar uchun yangi o‘yingohlar o‘rnatilmoqda.  

Hokim tinimsiz telefon qo‘ng‘iroqlariga javob berarkan, hovlilarning biridagi ona bilan qizning oldiga bordim. "Tumandagi o‘zgarishlarga qanday qaraysiz?", deb so‘radim.

"Mahallamizni tanib bo‘lmaydi. Asosiysi, hamma narsa yaqin. Bolalar bilan uzoqqa borishning hojati yo‘q, bog‘cha deysizmi, maktabmi - hammasi yonimizda", — deydi ayol. Yonidagi 7 yoshlardagi qizchasi o‘yingohga ko‘rsatib: "Bolalar hech narsani sindirishmasa bo‘ldi", deydi.

© Sputnik / Dilshoda RaxmatovaToshkent shahar Olmazor tumanida Islom sivilizatsiyasi markazining qurilishi
Hokimiyatsiz hokim: Olmazor tumani rahbari saylovlar, mahalla va to‘ylar xususida - Sputnik O‘zbekiston
Toshkent shahar Olmazor tumanida Islom sivilizatsiyasi markazining qurilishi

Yangi obyektlar ham qurilmoqda. Olmazor Siti, chinni zavodidan tashqari, bu yil Abdulla Qodiriy nomidagi maktab ochilishi ham rejalashtirilgan. 2020-yilda G‘alaba istirohat bog‘i ilk tashrif buyuruvchilarni qabul qilishi kutilmoqda. Aynan shu tuman hududida joy topgan Islom sivilizatsiyasi markazi kabi respublika miqyosi va ahamiyatidagi obyektlar o‘z eshiklarini ochadi. 

© Sputnik / Dilshoda RaxmatovaToshkent shahar Olmazor tumanida Abdulla Qodiriy nomidagi maktabning qurilishi
Hokimiyatsiz hokim: Olmazor tumani rahbari saylovlar, mahalla va to‘ylar xususida - Sputnik O‘zbekiston
Toshkent shahar Olmazor tumanida Abdulla Qodiriy nomidagi maktabning qurilishi

Bahaybat rejalarimiz bor, deya tan oladi hokim.

"Bizga yangi uylar, yaxshi yo‘llar va eng asosiysi - yangi ish o‘rinlari kerak. Hozirda eski zavodlarni qayta ta’mirlayapmiz, yangi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yapmiz, tadbirkorlarni qo‘llashda davom etapmiz. Ish bo‘lsa - budjetimizda soliq kirimlari ko‘payadi, demakki, infratuzulmamizni rivojlantirish, hamda bugunda shahardagi eng ko‘rkam bog‘cha va maktablarimizni ta’mirlash uchun mablag‘imiz bo‘ladi", – deydi g‘urur bilan Baxtiyor Rahmonov.

Suhbatimiz telefon jarangi bilan kesildi: tuman rahbari prezidentning selektor majlisiga chaqirildi. Hokimning vazifa va rejalari yana ham oshadiganga o‘xshaydi. 

Yangiliklar lentasi
0