TOShKENT, 22 sen – Sputnik. Kecha Yekaterinburgda boks bo‘yicha Jahon chempionatining final janglari bo‘lib o‘tdi. Unda o‘zbekistonlik 5 nafar bokschilar medallar sohibi bo‘lib, O‘zbekiston boks bo‘yicha dunyoda yetakchi mamlakat yekanini yana bir isbot qildi.
52 kilogramm vazn toifasida ringga chiqqan Shahobiddin Zoirov hindistonlik Amit ustidan g‘alaba qozonib jama uchun birinchi oltin medalini qo‘lga kiritdi.
57 kilogramm vazn toifasida esa Miraziz Mirzahalilov kubalik Lazaro Alvaresga qarshi jang qildi. Jangning 2-raundida kubalik bokschi jarohat oldi va shifokorlar Alvaresga jangni davom ettirishga imkon berishmadi. Shu paytgacha bo‘lgan ochkolar hisob-kitobi bo‘yicha Miraziz Mirzahalilov g‘olib deb topildi.
81 kg vazn toifasida ringga chiqqan Dilshodbek Ro‘zmetov qozog‘istonlik Bekzad Nurdauletovga raqibiga qarshi bahs olib bordi. Ushbu jangda qozog‘istonlik sportchil g‘olib deb topildi va Ro‘zmetov kumush medali bilan taqdirlandi.
Eng og‘ir +91 kg vazn toifasida o‘zbekistonlik Bahodir Jalolov qozog‘istonlik Kamshibek Konkabayevga qarshi ringga chiqdi. Super og‘ir vazn toifasida bo‘lib o‘tgan jangda Jalolov g‘alaba qozondi va ilk bor jahon chempionatining oltin medaliga sazovor bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, Yekaterinburgda bo‘lib o‘tgan jaho chempionatida O‘zbekistondan 8 nafar bokschilar ishtirok etgan edi. Ulardan besh nafari musobaqani medallar bilan yakunladi:
Oltin medalllar:
-52 kg: Shahobiddin Zoirov
-57 kg: Miraziz Mirzahalilov
+91 kg: Bahodir Jalolov
Kumush medal:
-81 kg: Dilshodbek Ro‘zmetov
Bronza medal:
-69 kg: Bobousmon Baturov
Ushbu natija O‘zbekistonni boks bo‘yicha jahon chempionatinining umumjamoa hisobida birinchi o‘ringa olib chiqdi! Mezbon Rossiya terma jamoasi esa 3 ta oltin medal bilan ikkinchi pog‘onadan joylashdi. Qozog‘iston uchinchi o‘rinda.
Eslatib o‘tamiz, 2016-yil Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tgan Olimpiada o‘yinlarida ham O‘zbekiston boks bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egallagan edi. O‘shanda ushbu sport turida dunyoda yeakchi hisoblanadigan Kuba sportchilari ham O‘zbekiston jamoasiga boy berishgan edi.