TOShKENT, 20 sen – Sputnik. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya 2019-yilning 21-29 sentabr kunlari AQShga tashrif buyuradi. Bu haqda TIV xabar qildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi BMT Bosh assambleyasining 74-sessiyasida, jumladan, E’tiqod erkinligini himoya qilish Global chaqiruvi taqdimotiga bag‘ishlangan yuqori darajadagi tadbirda, Iqlim ta’sirlari bo‘yicha BMT Sammitida, “Markaziy Osiyo – AQSh” (“C5+1”) shaklida va Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashining (OHIChK) vazirlar uchrashuvlarida ishtirok etadi.
Bundan tashqari, Nyu-York shahrida xorijiy mamlakatlar delegatsiyalari bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilishi mo‘ljallangan.
Xabarda tashrif dasturida Vashington shahrida AQSh rasmiy shaxslari bilan muzokaralar o‘tkazish va O‘zbekiston-AQSh kun tartibi masalalarini muhokama qilish ham ko‘zda tutilgani qo‘shimcha qilingan.