Kuch – birlikda: “Markaz – 2019” xalqaro harbiy o‘quv mashg‘ulotlariga start berildi

Obuna bo‘lish
“G‘urumsaroy” poligonida O‘zbekiston va Tojikiston harbiy bo‘linmalari shartli ravishda janubiy sarhadlarga suqilib kirgan terrorchi guruhlarga qarshi hamkorlikdagi o‘quv mashg‘ulotlarini ham o‘tkaziladi.

“G‘urumsaroy” poligonida “Markaz – 2019” xalqaro harbiy o‘quv mashg‘ulotlariga start berildi

16 sentabr kuni tojikistonlik harbiylarni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

17 sentabr kuni “G‘urumsaroy” dala-o‘quv maydonida O‘zbekiston va Tojikiston harbiylari ishtirokidagi strategik qo‘mondonlik shtab mashg‘ulotlari doirasidan o‘rin olgan “Markaz – 2019” o‘quviga start berildi.

Madhiyalar sadolari ostida ikki davlat bayroqlari baland ko‘tarilib, maydonga o‘zbekistonlik va tojikistonlik harbiy xizmatchilar saf tortishdi.

O‘zbekiston Mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari, Qurolli kuchlar bosh shtabi boshlig‘i general-mayor Pavel Ergashev ushbu o‘quv mashg‘ulotlari ikki davlat o‘rtasidagi harbiy munosabatlarning mustahkamlanishiga hamda jangavor tayyorgarlikni oshirishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi

Tojikiston Respublikasi Quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari general-mayor Ixtiyor Oxunzoda Ne’matullo ham “G‘urumsaroy” poligonida tashkillashtirilayotgan “Markaz – 2019” o‘quv-mashg‘ulotlarining O‘zbekiston va Tojikiston harbiylarining hamkorligida tashlangan navbatdagi qadam bo‘lishini aytib, tadbir tashkilotchilariga do‘stona kutib olish tadbirlari uchun o‘z minnatdorchiligi bildirdi.

Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni o‘quv-mashg‘ulotlarini rasman ochiq deb e’lon qildi va ikki davlat harbiylari orkestr sadolari ostida shaxdam qadamlar bilan tantanali safdan o‘tishdi.

Eslatib o‘tamiz, “Markaz – 2019” o‘quv mashg‘uloti doirasida Rossiyada bo‘lib o‘tadigan amaliy harakatlar bilan bir vaqtda Namangan viloyatida joylashgan “G‘urumsaroy” poligonida O‘zbekiston va Tojikiston harbiy bo‘linmalari tomonidan shartli ravishda janubiy sarhadlarga suqilib kirgan terrorchi guruhlarga qarshi hamkorlikdagi o‘quv mashg‘ulotlari ham o‘tkaziladi.

 

Yangiliklar lentasi
0