TOShKENT, 17 sen - Sputnik. Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi to‘ydan so‘ng ovqatdan ommaviy zaharlanish holatiga oydinlik kiritdi.
Ma’lum qilinishicha, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joriy yilning 16-sentabr kuni soat 16:10 dan soat 18:30 ga qadar turli xonadonlarda yashovchi 7 nafar fuqarolar bir xil klinik belgilar bilan murojaat qilishgan.
“Zaharlanish sabablarini o‘rganish borasida o‘tkazilgan dastlabki epidemiologik surushturuvlarda barcha bemorlar shahrimizning Registon ko‘chasida joylashgan “Mo‘’jiza” restoranida 14-sentabr kuni kechki vaqtda o‘tkazilgan to‘ydan so‘ng ortib qolgan go‘sht va assorti mahsulotlarini uylariga olib kelishgani va bu taomlarni joriy yilning 15-sentabr kuni tushlikda va kechki ovqatda iste’mol qilishgani aniqlangan”, - deyiladi Samarqand shahar hokimligi xabarida.
Bosh prokuratura bergan xabarga ko‘ra, hozirda zaharlangan bemorlarning ahvoli qoniqarli.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahrida o‘tkazilgan to‘y marosimida ovqatdan ommaviy zaharlanish bo‘yicha xabarlar tarqalgan edi.