TOShKENT, 16 sen - Sputnik. Rossiya Federal majlisi Federatsiya kengashi raisi Valentina Matviyenko O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Bu haqda Sputnik muxbiri xabar qilmoqda.
Tashrif oktabr oyining ilk kunlarida amalga oshirilishi kutilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyevaning Rossiya Davlat dumasi raisi Vacheslav Volodin bilan bo‘lgan uchrashuvida ma’lum qilindi.
Tomonlar uchrashuvda ikki mamlakat parlamentlararo aloqalarini yanada mustahkamlash va rivojlantirish masalalari muhokama etishdi.
Shuningdek, MDH Parlamentlararo assambleyasi, Parlamentlararo ittifoq, YeXHT Parlament assambleyasi kabi xalqaro parlamentlararo tuzilmalar doirasida bundan buyon ham hamkorlik qilishga tayyor ekaniga urg‘u berildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tanzila Norboyeva RFning O‘zbekistondagi elchisi Vladimir Turdenev bilan joriy yilning kuzida Federal majlis Federatsiya kengashi raisi Valentina Matviyenko boshchiligida Rossiya parlamenti yuqori palatasi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish masalalarini ko‘rib chiqishgani xabar qilingan edi.