TOShKENT, 14 sen – Sputnik. Oliy majlis Senati O‘zbekistonni Turkiy tilli mamlakatlar hamkorlik kengashiga qo‘shilishi haqidagi qonunni ma’qulladi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri.
“Senat tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini tuzish to‘g‘risidagi Naxichevan Bitimini ratifikatsiya qilish haqidagi Qonun ma’qullandi”, - deyilgan xabarda.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, "Turkiy kengash”ning navbatdagi sammiti vaqtida O‘zbekiston ushbu tashkilotning to‘la qonli a’zosiga aylanadi. Navbatdagi sammit 2019-yilning 16-oktabrida o‘tkaziladi, deb xabar bergandi biroz oldin Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlyud Chavishoglu.
Eslatib o‘tamiz, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi yoki Naxichevan bitimi (Ozarbayjon, Naxichevan, 2009-yil 3-oktabr) - xalqaro hukumatlararo tashkilot bo‘lib, faoliyatining asosi turkiy tilli mamlakatlar o‘rtasida do‘stlik va qo‘shnichilikni mustahkamlash, hududda va jahonda tinchlikni saqlash, xavfsizlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlashga qaratilgan. Hozirda ushbu tuzilmaga Ozarbayjon, Turkiya, Qirg‘iziston va Qozog‘iston respublikalari a’zo hisoblanadi.