TOShKENT, 10 sen – Sputnik. O‘zbekiston mamlakatga import qilinayotgan avtomobillar davlat boji stavkalarini ikki baravarga pasaytirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda "O‘zavtosanoat" vakili Rustam Qodirov so‘zlariga tayanib Sputnik muxbiri xabar qilmoqda.
Qodirov bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi "Adolat" sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasining transport vositalari uchun utilizatsiya yig‘imi joriy etishni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishida ma’lum qilgan.
"O‘zavtosanoat" vakili so‘zlariga ko‘ra, utilizatsiya to‘lovlarning joriy qilinishi xalq va iste’molchilar o‘ylayotganidek, narxlar oshishiga olib kelmaydi.
"Bu yig‘imni mahalliy avtomobil ishlab chiqaruvchilarimiz lokalizatsiyani kengaytirish, ichki zaxiralarni ishga solish orqali o‘z bo‘yniga oladi", - degan u.
Shuningdek, Qodirov xorijda ishlab chiqarilgan avtomobillar uchun ham alohida yondashilayotganini, jumladan, hozirda Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi tayyorlangan bo‘lib, unga ko‘ra O‘zbekistonga import qilinayotgan avtomobillarga davlat boji stavkalari ikki baravarga tushirilishi rejalashtirilayotganini aytgan.
"Shu bois utilizatsiya yig‘imini joriy etish mahalliy va import qilinayotgan avtomobillar narxiga hech qanday ta’sir qilmaydi", - deb ta’kidlagan "O‘zavtosanoat" vakili.