TOShKENT, 9 sen — Sputnik. Jizzax viloyati Forish tumanidagi «LAZZAT KAFOLAT» uzumchilik-fermer xo‘jaligiga qarashli uzumchilik plantatsiyasida chuqurlik nasosini elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida fotoelektr (quyosh) stansiyasini o‘rnatish va ishga tushirish bo‘yicha ishlarni yakunladilar.
Nasos qishloq xo‘jalik ekinlarini doimiy sug‘orilishini ta’minlash uchun quduqdan suv chiqarishga mo‘ljallangan.
“Yuqori samaradorlikka ega bo‘lgan fotoelektr (quyosh) panellari O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan. Ularning kafolatlangan xizmat ko‘rsatish muddati 25-yilni tashkil etadi”, - deyiladi Energetika vazirligi xabarida.
Qayd etilishicha, zamonaviy qurilma soatiga 10 kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bir yorug‘ kunda u 80 kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Oylik elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvati esa 2400 kilovattga teng. Sug‘orish mavsumida (mart-oktabr oylari) bu raqam 19200 kilovatt elektr energiyadan oshib ketadi.
Taqqoslash uchun, fermer o‘zini elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun 1 km qiymati 35 mln so‘mga yaqin bo‘lgan elektr uzatish liniyasi qurishga majbur bo‘ladi. Bunga qo‘shimcha tarzda, amaldagi tarifga ko‘ra har yili foydalanilgan elektr energiyasi uchun 9 mln. so‘m to‘lashiga to‘g‘ri keladi.
Quyosh qurilmasini o‘rnatish uchun fermer 78 mln. so‘mga yaqin mablag‘ sarflaydi. Mazkur qurilma 8 gektar yerni odatiy usul bilan, 30 gektar yerni esa tomchilash usulida sug‘orish imkonini beradi.
Bunda fermer har bir gektar yerdan, misol uchun, poliz (qovun, tarvuz) ekinlaridan bir yilda 30 mln so‘m foyda olishi, 8 gektardan esa mos ravishda 240 mln so‘m daromad olishi mumkin. O‘rnatilgan qurilma xarajatlari birinchi yilning o‘zida qoplanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezidentning qaroriga binoan, yuridik va jismoniy shaxslarga bank kreditlari evaziga qayta tiklanuvchi energiya qurilmalarini, elektr tejovchi gaz qurilmalari va qozonlarini sotib olganlik uchun foiz to‘lovlari kompensatsiya hisobidan qoplanishi belgilab berilgani xabar qilingan edi.