TOShKENT, 3 sen – Sputnik. O‘zbekiston xususiy aviakompaniyasi Rossiyadan 3 ta “Superjet 100” yo‘lovchi samolyotlarini sotib olishni rejalashtirmoqda, deb xabar qilmoqda “Rossiyskaya gazeta” nashri.
Ushbu shartnoma avgust oxirida Moskva viloyatida bo‘lib o‘tgan MAKS-2019 aviatsiya ko‘rgazmasi davomida imzolangan.
O‘zbekistonning "Qanot Sharq" aviakompaniyasi Rossiyaning "Grajdanskie samoleti Suxogo" kompaniyasi bilan 3 dona “Superjet 100” yo‘lovchi samolyotlarini harid qilish uchun “Yumshoq shartnoma” imzolashdi, - deyilgan xabarda.
"QANOT SHARQ" MChJ – O‘zbekistondagi birinchi nodavlat aviakompaniyalaridan biridir. U 1998-yilda tashkil qilingan bo‘lib, xalqaro yo‘nalishlarda yuk va yo‘lovchilarni tashishga ixtisoslashgan. Avgust oyida kompaniya direktori Nosir Abdug‘aforov Kun.uz nashriga mahalliy yo‘nalishlarda parvozlar tashkil qilish rejasi haiqda aytib bergandi.
Sukhoi Superjet 100 (SSJ 100) – Rossiyada ishlab chiqilgan, yaqin yo‘nalishlarga mo‘ljallangan tor fuzelyajli samolyot. Samolyot 98ta yo‘lovchi bilan 3000 – 4600 km masofagacha parvoz qilishi mumkin.