TOShKENT, 30 avg - Sputnik. O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi so‘nggi kunlarda turli hil ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in munozaralarga sabab bo‘layotgan davlat umumta’lim muassasalarida o‘quvchilar uchun yangi o‘quv yilida kiyishi lozim bo‘lgan maktab formasi bo‘yicha ota-onalarga murojaat qildi.
Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-iyundagi qaroriga binoan davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun zamonaviy yagona maktab formalarini majburiy qilib belgilash 2024/2025-o‘quv yilidan deb belgilangan.
“Garchan, yagona maktab formasining majburiyligi kechiktirilgan bo‘lsada, Vazirlar Mahkamasining 666-sonli qarori bilan tasdiqlangan davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun zamonaviy yagona maktab formasini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi nizom 2018/2019-o‘quv yilidan boshlab amalda saqlanib qolmoqda”, - deyiladi xabarda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib vazirlik yangi o‘quv yilida davlat umumta’lim maktablarida maktab formasi sifatida quyidagi kiyim-kechaklarni tavsiya qilgan:
1) o‘g‘il va qiz bollar uchun – tepasi oq (klassik ko‘ylak), pasti qora (klassik shim va yubka) bo‘lgan kiyim;
2) maktab tomonidan avvalgi yillarda joriy etilgan va bugungi kunga qadar kiyishga yaroqlilikni saqlab qolgan forma;
3) Vazirlar Mahkamasining 666-sonli qarori bilan tasdiqlangan o‘quvchilar uchun zamonaviy yagona maktab formalari.
Xabarda o‘quvchilarning tavsiya etilgan variantlardan tashqari boshqa kiyim-kechaklarda hamda turli bosh kiyimlarda (ta’lim muassasasida o‘tkaziladigan turli tadbirlar jarayoni bundan mustasno) maktab hududida yurishi ta’lim muassasasining ichki tartib hamda odob-axloq qoidalarining buzilishiga olib kelishi ta’kidlangan. Mazkur holat ta’lim muassasalarida o‘quvchi yoshlar o‘rtasida ijtimoiy tenglikni ta’minlashga qaratilgan.
Saida Mirziyoyeva: “O‘zbekiston maktablarida majburiy forma talab qilinishiga hali erta”
Shuningdek, XTV maktab direktorlari tomonidan maktab formasini markazlashgan holda oldi-sotdi ishlarini tashkil qilinishi qat’iyan taqiqlanganligini yana bir bor eslatib o‘tgan.