TOShKENT, 29 avg - Sputnik. O‘zbekistonlik harbiylar birinchi bor Qozog‘iston Mudofaa vazirligining "Spassk" o‘quv poligonida maxsus rezvedka guruhlari o‘rtasida o‘tkazilayotgan "Oltin ukki — 2019" xalqaro musobaqasida ishtirok etmoqda, deb xabar berdi Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti.
Musobaqa 28-avgustdan 6-sentabrga qadar Qozog‘iston Mudofaa vazirligining "Spassk" o‘quv poligonida maxsus rezvedka guruhlari o‘rtasida o‘tkaziladi.
Musobaqada 9 ta jamoa ishtirok etadi, ularning 5 guruhi Qozog‘iston Mudofaa vazirligi maxsus bo‘linmalari bo‘lsa, qolganlari Belarus, Hindiston, Rossiya va O‘zbekiston mudofaa idoralari vakillaridir.
Mazkur xalqaro musobaqaga kuzatuvchi sifatida Italiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Serbiya, Turkmaniston, Turkiya va Xitoy harbiy mutaxassislari jalb etilgan.
"O‘zbekiston jamoasi ushbu musobaqada birinchi bor qatnashayotganiga qaramay, dastlabki bosqichdayoq yaxshi natijalarni ko‘rsatdi. Birinchi bosqich yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston Mudofaa vazirligi razvedkachilari Qozog‘iston va Belarus jamoalaridan keyin 3-o‘rinni egalladi", - deb xabar qildi vazirlik vakili.
Ishtirokchilar musobaqa davomida uzoq masofaga harakatlanish, yashirin hududni tayyorlash, qidiruv ishlarini olib borish, dushman bilan kutilmagan uchrashuvlarda taktik harakatlar, obektlar razvedkasi va ularni ishdan chiqarish, suvli to‘siqlarni bosib o‘tish kabi jami 12 ta murakkab bosqichlardan o‘tadi.