TOShKENT, 29 avg - Sputnik. O‘zbekiston mustaqilligining 28-yilligi munosabati bilan mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga xorijiy davlatlar rahbarlaridan samimiy qutlovlar kelmoqda. Ularda davlati rahbariga muvaffaqiyatlar, O‘zbekiston xalqiga ravnaq va farovonlik tilab, ezgu istaklar izhor etilgan. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Xitoy Xalq Respublikasi raisi o‘z tabrigida Xitoy – O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirishga katta e’tibor qaratib kelayotgani, o‘rtadagi samarali ishchan va shaxsiy aloqalarni yuksak qadrlashini ta’kidlagan.
“Siz bilan siyosiy o‘zaro ishonchni mustahkamlash, ikki mamlakat va xalqlar farovonligi uchun O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini uzluksiz va izchil rivojlantirishga erishish maqsadida "Bir makon, bir yo‘l" loyihasini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni chuqurlashtirishga birgalikda sa’y-harakat qilishga tayyorman”, - deyiladi Xitoy yetakchisi tabrigida.
Rossiya rahbari Vladimir Putin o‘z tabrigida mamlakat iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyot borasida g‘oyat salmoqli yutuqlarni qo‘lga kiritgani, O‘zbekiston haqli ravishda dunyo maydonida yuksak nufuzga ega bo‘lib borayotgani, mintaqaviy va xalqaro masalalarda konstruktiv rol o‘ynayotganini qayd etgan.
“Ishonchim komilki, biz bundan keyin ham xalqlarimiz farovonligi, Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash yo‘lida strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashda davom etamiz”, - deyiladi Putin tabrigida.
AQSh prezidenti Donald Tramp Mirziyoyev va O‘zbekiston xalqini Amerika xalqi nomidan 1-sentabr –mamlakat mustaqilligining 28-yilligi munosabati bilan tabriklagan.
“Sizning Oq uyga tashrifingizni yodga olib, mamlakatlarimiz o‘rtasida so‘nggi yillarda mustahkamlanib borayotgan strategik muloqotlarni yuqori baholashimni ta’kidlashni istar edim. Shuningdek, Sizning O‘zbekiston ahliga xizmat qiluvchi yanada mustahkam, shaffof va mas’uliyatli tashkilotlar yaratish orqali mamlakat kelajagiga sodiqligingizni qadrlayman”, - deyiladi AQSh yetakchisi tabrigida.