Oks Iskandariyasi – ya’ni Amudaryo bo‘yidagi Iskandariya shahri, Iskandar Zulqarnayn tomonidan asos solingan Yunon-Baqtriya davlatining sharqiy himoya qal’asi hisoblangan. Oks Iskandariyasining gullab-yashnagan davri eramizdan oldingi III – II asrlarga to‘g‘ri keladi.
2 ming yildan ortiq ushbu shahar qayerda joylashganini hech kim aniq bilmagan. O‘zbekistonlik arxeolog olim Edvard Vasilyevich Rtveladze Oks Iskandariyasining dastlabki nishonlarini 2007-yilda Termiz yaqinidagi Kampirtepa qo‘rg‘onidan topgan edi.
Shundan so‘ng Rtvladze o‘z jamoasi bilan bir necha yillar davomida Kampirtepada arxeologik qazish ishlari olib boradi va ushbu joy aynan Oks Iskandariyasi ekanligining bir necha dalillarini topadi.