TOShKENT, 20 avg – Sputnik. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Pekin shahrida xitoylik hamkasbi Van I bilan uchrashdi.
TIV matbuot xizmatining xabar qilishicha, tashqi siyosat idoralari rahbarlari ikki tomon kun tartibi, ayrim xalqaro va mintaqaviy muammolarga tegishli qator dolzarb masalalarni muhokama qildilar.
Xabarda Janubiy Xitoyning siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ta’lim va madaniy markazi bo‘lgan Guanchjou shahrida O‘zbekiston bosh konsulxonasini ochish taklifi muhokama qilingani qayd etildi.
Vazirlar bosh vazir Abdulla Aripovning Xitoyga va Davlat kengashi Bosh vaziri Li Ketsanning O‘zbekistonga bo‘lajak rasmiy tashriflarining kun tartibi va dasturini amaliy jihatdan ko‘rib chiqdilar.
Shuningdek, uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston va Xitoy strategik sherikligini mustahkamlash bilan bog‘liq boshqa masalalar ham muhokama qilindi.