TOShKENT, 16 avg - Sputnik. ARMI-2019 doirasida o‘tkazilayotgan "Elbrus halqasi" xalqaro musobaqasida O‘zbekiston jamoasi ikkinchi o‘rinni egalladi, deb xabar berdi Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti.
"Elbrus halqasi" xalqaro musobaqasida beshta davlat - Rossiya, Hindiston, Marokash, Qozog‘iston va O‘zbekiston jamoalari - harbiy xizmatchilari o‘ta murakkab tog‘ sharoitida va chidab bo‘lmas bosim ostida harakatlandi: musobaqa ishtirokchilari quyi harorat va cheklangan harakat kabi murakkab tog‘ sharoitida, o‘nlab maxsus vazifalarni bajardilar.
Bellashuv avvalida ishtirokchilar ikki kun Elbrusni quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha piyoda zabt etish bilan shug‘ullandi: Terskol cho‘qqisi (2462 m.) — Azau yalangligi (2356 m.) — Priyut-11 (4200 m.) — Elbrusning g‘arbiy cho‘qqisi (5642 m.). 20 kilometrga yaqin marsh davomida balandlikning umumiy o‘zgarishi 2,2 kilometrga teng, relyefi — o‘rta murakkab.
Maxsus vazifalarni bajarish chog‘ida harbiy xizmatchilar "Azau — Priyut-11" yo‘nalishi bo‘yicha qurol-aslaha yordamida marsh yurishni amalga oshirdi.
"Elbrus halqasi — 2019" xalqaro tanlovining final bosqichida O‘zbekiston jamoasi birinchi bo‘lib Elbrusni zabt etdi. Buning uchun jamoaga 4 daqiqayu 25 soniya kerak bo‘ldi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Rossiya birinchi o‘ringa (12 848 ball) munosib ko‘rilgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rin O‘zbekiston (12 041 ball) jamoasiga nasib etdi. Kuchli uchlikdan Qozog‘iston harbiy xizmatchilari joy oldi (11 672 ball).