TOShKENT, 15 avg - Sputnik, Dilshoda Rahmatova. O‘qish boshlanishiga ikki hafta vaqt qoldi. Tabiiyki, shu kechayu-kunduzda aksariyat ota-onalarni bolani maktabga tayyorlash: o‘quv qurollarini olib berish masalasi o‘ylantirmoqda. Ularning aksariyati maqbulroq narxdagi tovarlarni xarid qilish istagida yaqinda ish boshlagan "maktab bozorlari"da bo‘lishga ulgurgandir ham.
O‘zbekistonning barcha hududlarida tashkil etilgan maktab bozorlari - bu qo‘shimcha savdo rastalarimi yoki arzonroq narxda tovar xarid qilish imkonini beruvchi joy? Bunga aniqlik kiritish uchun Sputnik O‘zbekiston muxbiri Toshkentning turli tumanlarida tashkil etilgan maktab bozorlarida bo‘ldi.
Bozorda nima gap?
Tumanlar kesimida tashkil etilgan maktab bozorlaridagi narxlarni solishtirishning imkoni yo‘q. Faqat bir narsa quvontiradi, narxlar o‘tgan yildagidan ko‘pam farq qilmayapti. Eng arzon ruchka, daftar, qalam va rukzak haqidagi savollarimdan so‘ng, savdogar ayol kichik sirni ochadi: "Farzandingiz uchun jami maktab qurollarini 100 ming so‘mga ham xarid qilishingiz mumkin, gap cho‘ntak qaysi narxni ko‘tarishida!".
"Ayrim ota-onalarga arzon tovarlarni taklif etsak, menga sifatlisini bering, deyishadi. Mana, yaqinda bir ota 200 so‘mdan olgan ruchkasini qaytarib olib keldi. "Menga daftarni tirnaydigan emas, yozadigan ruchka bering", deya, o‘rniga ming so‘mlik ruchkadan oldi", - gapida davom etadi suhbatdoshim.
Maktab bozorlarida, haqiqatda, cho‘ntak imkoniyatidan kelib chiqib, istalgan narxdagi maktab o‘quv-qurollarini xarid qilish mumkin. Deylik, oddiy ruchkalar 220 so‘mdan tortib 4 ming so‘mgacha, rangli qalamlar 6 ming so‘mdan 30 ming so‘mgacha bo‘lgan narxlarda sotilmoqda. Rukzaklar (sumkalar) ham xuddi shunday. Takliflar qirq ming so‘mdan boshlanib 170 ming so‘mgacha boradi.
Umuman, yarmarkalardagi tovarlar xilma-xilligi allaqachon odatiy holga aylangan. Kundaliklarni aytmaysizmi: O‘zbekiston bayrog‘i aks ettirilgan vatanparvarlik ruhidagisidan tortib, chet el futbol yulduzlari va mashhur multqahramonlar aks etganlarigacha bola xohishiga qarab tanlayverasiz. Istasangiz, xitoy molidan ham arzon mahalliy ishlab-chiqaruvchilar tomonidan yaratilgan ustiga charm qoplanganini oling, narxlar 3 ming so‘mdan boshlanadi.
Daftarlar masalasi yana-da qiziq. Misol uchun, 12 varoqli daftarlar alohida olganingizda 450-500 so‘mdan tushsa, "Ippodrom"dagi maktab bozorida ayrim rastalar jami maktab qurollarni ulardan xarid qilsangiz, daftarlarni sizga 100 so‘mdan yoki umuman bepul berish bo‘yicha o‘ziga xos aksiyani yo‘lga qo‘ygan. "Maktab bozorigami?", degan savolga "ha", deb qo‘ysangiz bo‘ldi, qo‘lingizdan tortib, rastasi oldida turgan kursiga o‘tirg‘izib, siz bilan qizg‘in savdoni boshlashadi.
Bu yerda bir narsaga e’tibor qaratish kerak, deylik, mabodo narxlarni yaxshi bilmasangiz, narigi rastada 12 ming so‘m turgan hamma maqtayotgan yumshoq rangli qalamlarni "arzon daftarga uchib" 20 ming so‘mga xarid qilib qo‘yish xavfi yo‘q emas.
Qulfli penallar va chapaqaylar uchun ruchkalar
Bu yilgi o‘quv qurollari orasida qanday yangi tovarlar borligiga qiziqaman.
Menga telefonni quvvatlantirish imkonini beruvchi USB-portli rukzaklarni, qulflanadigan sumka-penallarni, chapaqaylar uchun maxsus ruchkalarni, kamalak rangli silikon qutiga solingan o‘chirg‘ichlarni ko‘rsatishdi.
"Penalga qulfning nima keragi bor?", - so‘rayman tovarini menga maqtayotgan, taxminimcha hali o‘zi maktab o‘quvchisi bo‘lgan yigitchadan.
"Ota-onalar ko‘p so‘rayapti. Yaxshi-da, farzandingiz misol uchun, pul solib qo‘yishi mumkin, hech kim teginmaydi. Keyin sumkachaga o‘xshatib alohida o‘zi bilan olib yursa ham bo‘ladi", - tushuntiradi menga yigitcha o‘zining tovarni ta’riflay olayotganidan hatto biroz g‘ururlanib. Ammo plastmassa ilgaklarga osilgan qo‘pol kodli qulf nimagadir menda ishonch uyg‘ota olmadi. O‘rniga oddiy va foydalanishga qulay penalni tanlayman. Darvoqe, penallar narxi 8 ming so‘mdan boshlanadi, bolakay maqtagan super-kodli sumka-penal uchun esa 45 ming so‘m sanab berishingizga to‘g‘ri keladi.
Uyum-uyum ko‘ylak-shimlar
Maktab o‘quvchisini arzon narxda kiyintirmoqchi bo‘lganlar, albatta Ippodrom bozorini ma’qul ko‘rishadi. Bugun bu yerda 6-11-sinf o‘quvchi qizlari uchun kofta-yubkalar 250 ming so‘mgacha, o‘g‘il bolalar uchun maktab formalari ham taxminan shu narxda sotilmoqda.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun qora va tim ko‘k rangdagi shimlar - 60 ming so‘m, oq ko‘ylaklar - yengi kaltasi - 30 ming so‘m, yengi uzuni 50 ming so‘m turibdi.
Bolalar uchun tayyor maktab formalari narxi 250 ming so‘mni, kostum-shimlar narxi 180-350 ming so‘mni tashkil etmoqda. Poyabzallar - 90 ming so‘mdan boshlanadi.
Farzandini maktabga tayyorlayotgan ota-onalarga beradigan birgina maslahatim, maktab bozorlariga borganingizda, avval aylanib, narxlar va tovarlar assortimenti bilan obdon tanishib chiqing, tanlang va shundan so‘ng xarid qiling. Taklif etilayotgan "bepul" daftarlar sirini esa sizga yuqorida ochiqladik.