TOShKENT, 14 avg — Sputnik. Toshkentda uyida hind nashasini yetishtirayotgan ikki fuqaro aniqlandi.
Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Shayxontoxur tumanida yashovchi 45 yoshli Baxrom S. xonadonining balkonida giyohvandlik vositalari bo‘lgan ekin tupini – hind nashasini yetishtirayotganima’lum bo‘lgan. Uning xonadonini tekshirish jarayonida jinoyat qidiruv xodimlari 10 dona gul tuvagida 15 tup nasha o‘simligini aniqlashdi.
Mazkur fakt bo‘yicha O‘zbekiston JKning 270-moddasi (“Taqiqlangan ekinlarni yetishtirish”) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Shuningdek, 11-avgust kuni jinoyat ishi yuzasidan o‘tkazilgan tergov jarayonida Olmazor tumani IIO FMB xodimlari tomonidan Olmazor tumanida yashovchi 49 yoshli Tohir A. uyining balkonida gul tuvaklarda 4 tup giyohvandlik vositalari bo‘lgan ekin – hind nashasini yetishtirayotgani hamda 1,37 gramm “marixuana” saqlayotgani aniqlangan.
Ushbu fakt bo‘yicha O‘zbekiston JKning 276-moddasi (“Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.