TOShKENT, 14 avg – Sputnik. Almazbek Atambayevni taslim bo‘lishga ko‘ndirgan Qirg‘iziston ichki ishlar vazir o‘rinbosari Kursan Asanovga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda Sputnik Qirg‘iziston xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, Asanov mansab vakolatini suiiste’mol qilishda gumonlanmoqda. U ichki ishlar vazirining talabini bajarmagan va shaxsiy tarkibni boshqaruvsiz qoldirgan.
Harbiy prokuratura tergovni olib bormoqda. Hozirgi vaqtda Asanov so‘roq qilinmoqda.
Kuni kecha, Kursan Asanov ichki ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi. Asanov Qirg‘iziston militsiyasi manfaatlariga xiyonat qilganlikda va ishonchni suiiste’mol qilganlikda ayblanmoqda.